factograf
UZ

Makka

Makka

Key facts

aholisi2 427 924
hudud760km²
bu konsepsiyaning alohida holatiaholi punkti
davlatSaudiya Arabistoni
dengiz sathidan balandligi277m
joylashgan maʼmuriy birligiMakka viloyati
All data from the card 11
Mamlakat
Saudiya Arabistoni
• Gubernator
Xolid al-Faysal Al Saud
Asos solingan
er.av. 2000
Maydon
400 km2 (150 kv mi)
Dengiz sathidan
277 m
Aholisi (2020)
2 042 00
Zichligi
5100 kishi/km2
Konfessiyaviy tarkib
musulmonlar
Etnoxoronim
makkalik, makkiy
Vaqt mintaqasi
UTC+3
Telefon kodi
+966-12

Makka (arabcha: مكّة المكرمة‎ Makkah Al-Mukarramah) — musulmonlar uchun muqaddas hisoblanadigan shahar. Saudiya Arabistonining gʻarbida, Qizil dengizdan 70 km uzoqlikda joylashgan. Hijoz viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 2023-yilgi ma'lumotga ko'ra taxminan 2,150,000 kishidan iborat. Aholi soni boʻyicha Ar-Riyod va Jiddadan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Bu shaharni arablar Umm ul-Qurro, Umm ul-Madoin, yaʼni shaharlar onasi deb yuritadilar. Qurʼonda „Bakka“ nomi bilan kelgan. Makkada musulmonlar haj qiladigan — musulmonchilikning beshinchi ahkomi bajariladigan Kaʼba joylashgan. Musulmon rivoyatlariga koʻra, Makkada Odamato va Momohavo hamda Shis, Ibrohim, Ismoil va Hojar yashaganlar.

Tarixi

Makka 1850-yil
Makka 1850-yil

Qadimiy tarix

Makka qadimiy shahar, asos solingan yili nomaʼlum. Dastlab Zamzam bulogʻi atrofida aholi turar joylari paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 2—1ming yilliklarda Makka arab qabilalari uchun muqaddas joy hisoblangan. Makka ilk bor yunon tarixchisi Ptolemey asarlarida Makoraba nomi bilan tilga olingan va bu yerda milodiy II asrda ibodatxona mavjudliga aytib oʻtilgan. Islom paydo boʻlishidan avval Makka majusiy arab qabilalarining diniy hamda Sharq bilan Oʻrta dengiz boʻyi davlatlari oʻrtasidagi savdoda muhim oʻrin tutgan. Islom vujudga kelishidan koʻp asrlar ilgari Makkadagi Kaʻba ibodatxonasi arab qabilalarining ziyorat markazi boʻlib, unda qabila xudolarining sanamlari saqlangan.

Muhammad (s.a.v.) tomonlaridan fatx qilinishi

Milodiy V asr oʻrtalarida Makka quraysh qabilasi qoʻliga oʻtadi. Shu davrda quraysh qabilasining boshligʻi Zayd bin Kilob (Qusay laqabi bilan mashhur) Kaʼba atrofidagi yerlarni oʻz qabiladoshlariga boʻlib berdi. Qusay va uning avlodlari oʻtkazgan islohotlar natijasida Makka tez surʼatlar bilan oʻsdi, bozorlar koʻpayib, ziyoratchilar uchun yangi quduklar qazildi. VI asr oxiri — VII asr boshida shahar Arabiston yarimorolining faqat savdo va diniy emas, balki siyosiy markaziga ham aylandi. Shunday vaziyatda Makkada yakkaxudolik (tavhid)ga asoslangan islom dinining targʻiboti boshlandi. Makkada 571-yilda Muhammad paygʻambar tugʻilgan, VII asrdan musulmonlarning muqaddas shahri va ziyoratgohiga aylangan.

610-yilda Muhammad Makka yaqinidagi Hiro togʻida oʻziga birinchi bor vahiy, yaʼni Qurʼon oyati-karimalari nozil boʻlganini eʼlon qildi. 622-yilda musulmon jamoasi Makka bilan raqobatlashib kelgan Yasrib (Madina) shahriga koʻchib oʻtdi (qarang Hijra). 630-yilda shahar musulmonlar qoʻl ostiga oʻtdi va Makkaga haj qilish islomning 5 arkonidan biriga aylandi.

Rivoyatga koʻra, qadimgi Jurhum, Xuzoʻa qabilalari, IV asr oxiridan esa, Quraysh qabilasi koʻchib kelib yashay boshlagan. VI-VII asr oʻrtalarida Kaʻbadan 800—900 metr shimoli-sharqqa va taxminan 500 m janubi-gʻarbga choʻzilgan vodiy boʻylab aholi istiqomat qilardi. Markazda, Kaʼbadan janubroqda bozor boʻlgan. Turar-joylar devorlar bilan oʻralgan katta hovlilardan iborat boʻlib, hovli ichida qavmi qarindosh oilalarning imoratlari joylashgan. Oʻsha vaqtda Makkada 6-7 ming aholi yashagan. Makkada

sugʻorish uchun suv yoʻqligi, muqaddas hududda dehqonchilik va ov bilan shugʻullanish man qilingani ustiga atrofdaga qabilalar uchun muqaddas hisoblangani tufayli qurayshlarning savdo bilan mashgʻul boʻlishiga toʻgʻri kelgan.

Oʻrta asrlar

Umaviylar davrida (661—750) shahar qiyofasi keskin oʻzgardi: koʻp qavatli qasr, saroylar paydo boʻldi. Bagʻdod xalifaligi (750—1258) inqirozga uchragandan soʻng Makka Fotimiylar, Ayyubiylar va mamluklar qoʻl ostiga, keyinchalik Usmonli turk saltanati tobeligiga (1517) oʻtdi. 1916-yildan Makka — Hijoz qirolligi poytaxti. 1924-yil Ibn Saʼud qoʻshinlari Makkani ishgʻol etadi va Makka shahrida u Hijoz va Najd davlati qiroli deb e'lon qilinadi. 1932-yilda bu davlat Saudiya Arabistoni nomini oldi.

Ziyorat

Makka 1910-yil
Makka 1910-yil

Makkadagi Al-Masjid al-haram (Baytulloh) — Kaʼba musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgoh. Baytullohga har yili millionlab musulmonlar umra va haj ziyoratlari uchun tashrif buyurishadi.

Makka aholisi, asosan, hajga kelganlarga xizmat koʻrsatish, ibodat qiluvchilar uchun diniy buyumlar (maxsus kiyimlar, yaʼni ihrom, tasbeh, atirlar, Zamzam suvi uchun idishlar) tayyorlash bilan shugʻullanadi. Gilam toʻqish korxonalari, ustaxonalar mavjud. Umm al-Quro universiteti bor (1981).

Transport

Makka savdo va avtomobil yoʻllari tuguni. Avtomobil yoʻllari shaharni Ar-Riyod, Madina va Jidda shaharlari bilan bogʻlaydi.

Adabiyotlar

  • Hasanov A.A., Makka va Madina tarixi, T., 1992; Inogʻomov SR., Saudiya Arabistoni podshohligi, T., 1998; Abbud Gassan Axmad, Sovremennoye korolevstvo Saudovskaya Araviya, T., 2002.

Ahmadjon Hasanov.

Manbalar


Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan.


Read next

In 199 languages

uzAcèhAfrikaansAlemannischአማርኛaragonésالعربيةالدارجةمصرىঅসমীয়াasturianuаварअवधीazərbaycancaتۆرکجهбашҡортсаBasa BaližemaitėškaBikol Centralбеларуская (тарашкевіца)беларускаябългарскиभोजपुरीবাংলাབོད་ཡིགbrezhonegbosanskiBatak Mandailingбуряадcatalà閩東語 / Mìng-dĕ̤ng-ngṳ̄нохчийнCebuanoکوردیqırımtatarcačeštinaчӑвашлаCymraegdanskdagbanliDeutschZazakiडोटेलीދިވެހިބަސްΕλληνικάEnglishEsperantoespañoleestieuskaraestremeñuفارسیsuomivõroføroysktfrançaisNordfriiskfurlanFryskGaeilge贛語GàidhliggalegoAvañe'ẽBahasa Hulontalo𐌲𐌿𐍄𐌹𐍃𐌺Ghanaian PidginગુજરાતીHausaHawaiʻiעבריתहिन्दीFiji HindihrvatskihornjoserbscemagyarհայերենԱրեւմտահայերէնinterlinguaBahasa IndonesiaInterlingueIlokanoгӀалгӀайIdoíslenskaitaliano日本語Patoisla .lojban.JawaქართულიQaraqalpaqshaTaqbaylitKabɩyɛKumoringқазақшаភាសាខ្មែរಕನ್ನಡYerwa Kanuri한국어къарачай-малкъарکٲشُرkurdîkernowekкыргызчаLatinaLëtzebuergeschлаккулезгиLimburgsLadinlombardlietuviųlatviešuMadhurâMalagasyMinangkabauмакедонскиമലയാളംмонголꯃꯤꯇꯩ ꯂꯣꯟमराठीBahasa MelayuMaltiMirandésမြန်မာဘာသာэрзяньمازِرونیPlattdüütschनेपालीनेपाल भाषाNederlandsnorsk nynorsknorskߒߞߏChi-ChewaoccitanиронਪੰਜਾਬੀKapampanganPapiamentuPicardpolskiPiemontèisپنجابیپښتوportuguêsRuna Simiromânătarandíneрусскийрусиньскыйсаха тылаᱥᱟᱱᱛᱟᱲᱤsicilianuScotsسنڌيsrpskohrvatski / српскохрватскиTaclḥitසිංහලSimple EnglishslovenčinaسرائیکیslovenščinaSoomaaligashqipсрпски / srpskiSundasvenskaKiswahiliꠍꠤꠟꠐꠤślůnskiதமிழ்తెలుగుтоҷикӣไทยTürkmençeTagalogtolışitoki ponaTürkçeтатарча / tatarçaئۇيغۇرچە / Uyghurcheукраїнськаاردوvènetovepsän kel’Tiếng ViệtVolapükWinaray吴语მარგალურიייִדישYorùbáⵜⴰⵎⴰⵣⵉⵖⵜ ⵜⴰⵏⴰⵡⴰⵢⵜ文言閩南語 / Bân-lâm-gí粵語中文

Text from Wikipedia, CC BY-SA 4.0 · Source article