Emitent (inglizcha: issuer) — qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi va ularning egalari oldida ushbu qimmatli qogʻozlar bilan tasdiqlangan huquqlarni amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs yoki davlat organi.
Emitent oʻz faoliyatini moliyalashtirish, kapital jalb qilish yoki boshqa moliyaviy maqsadlarda qimmatli qogʻozlar chiqarishi mumkin. Masalan, korxonalar aksiya va obligatsiya, davlat esa davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarishi mumkin. Qimmatli qogʻoz turiga qarab emitentning majburiyatlari ham farq qiladi. Masalan, obligatsiya emitentning uning egasiga belgilangan muddatda nominal qiymatini qaytarish va emissiya shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, foiz yoki boshqa daromad toʻlash majburiyatini anglatadi.
Oʻzbekistonda emitentlarning faoliyati va qimmatli qogʻozlar chiqarilishi qimmatli qogʻozlar bozoriga oid qonunchilik bilan tartibga solinadi. Emitent qimmatli qogʻozlar va oʻz faoliyatiga oid muhim axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor qilishi lozim.
2025-yil dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda qimmatli qogʻozlar bozorida 717 ta emitent oʻz faoliyatini yuritib kelyapti.
