Uilyam „Bill“ Jefferson Klinton (inglizcha: William „Bill“ Jefferson Clinton; 1946-yil 19-avgustda tugʻilgan) amerikalik siyosatchi va prokuror boʻlib, 1993-yildan 2001-yilga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlarining 42-prezidenti lavozimini bajargandir. Bungacha 1977-yildan 1979-yilga qadar Arkansas shtati bosh prokurori, 1979-yildan 1981-yilgacha va 1983-yildan 1992-yilgacha Arkansas shtati gubernatori vazifalarida faoliyat yuritgan. Demokratlar partiyasi aʼzosi boʻlgan Klinton siyosatida „Uchinchi yoʻl“ siyosiy falsafasi aks etgani ortidan „Yangi demokrat“ oʻlaroq tanildi. Uning rafiqasi Xillari Klinton boʻlib, u 2001-yildan 2009-yilga qadar Nyu-York shtatidan senator, 2009-yildan 2013-yilga qadar davlat kotibi va 2016-yilgi prezidentlik saylovida Demokratlar partiyasidan nomzod boʻlgan.
Klinton Arkansas shtatida tugʻilib oʻsgan. Maktabni tugatgach, Jorjtaun universitetiga oʻqishga kirgan. U Oksford universitetida Rhodes nomidagi stipendiya asosida oʻqidi, keyinchalik Yel universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomladi. U Hillary Rodham bilan Yaleda uchrashgan; ular 1975-yilda turmush qurishgan. Yaleni tugatgach, Klinton Arkansasga qaytdi va shtat bosh prokuroriligi saylovlarida qatnashib, gʻalaba qozondi, keyinchalik ikki muddat (ketma-ket emas) Arkansas gubernatori lavozimini (1979-1981, 1983-1992) bajardi. Gubernator sifatida, u shtat taʼlim tizimiga eʼtibor qaratdi va Gubernatorlar milliy assotsiatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib bordi. Klinton 1992-yilgi prezidentlik saylovida qatnashdi va Respublikachilar partiyasidan Jorj G. U. Bush va mustaqil nomzod Ross Perot ustidan gʻalaba qozondi. Shunday qilib, 46 yoshida AQSh prezidenti lavozimini egallab, buning ortidan AQSh tarixida uchinchi eng yosh prezident boʻldi.
Klinton 1996-yilgi prezidentlik saylovlarida ham gʻalaba qozonib, ikkinchi muddatga qayta saylandi. Ikkinchi muddati davomida Klinton 22 yoshli Oq uy xodimasi Monika Levinski bilan jinsiy aloqa qilganligi ortidan 1996-yilda boshlangan Monika Levinski mojarosi uning nufuziga putur yetkazdi. Bu mojaro yil davomida avj oldi va shu yilning 19-dekabrida Vakillar palatasi unga qarshi impichment eʼlon qildi va Klinton AQSh tarixida Endryu Jonsondan keyin impichment eʼlon qilingan ikkinchi prezident boʻldi. Klinton sudga yolgʻon koʻrsatmalar berganlikda hamda prezidentlik vakolatlaridan foydalangan holda haqiqatni qaror toptirishga toʻsqinlik qilganlikda ayblandi. Keyingi yili Sentada impichment boʻyicha sud jarayoni boshlandi, ammo Senatda unga qarshi 67 ta ovoz toʻplanmadi va buning ortidan Klinton ikkala ayblov boʻyicha ham oqlandi.
Klinton prezidentlik lavozimini muddati tugab tark etganidan soʻng, turli ommaviy tadbirlarda chiqish qildi va insonparvarlik ishlari bilan shugʻullandi. Uning prezidentlik davri AQSh prezidentlari tarixiy reytingida yuqori oʻrinni egallagan. Klinton OITSga qarshi kurash va global iqlim oʻzgarishi bilan shugʻullanuvchi Klinton Jamgʻarmasiga asos soldi. 2009-yilda BMTning Gaiti boʻyicha maxsus vakili etib tayinlandi. 2010-yili sodir boʻlgan Gaiti zilzilasidan soʻng, Klinton va Jorj U. Bush birga Klinton Bush Gaiti Fund xayriya fondiga asos solishdi. Klinton Demokratlar partiyasi siyosatida faolligicha qolib, turmush oʻrtogʻini 2008- va 2016-yilgi saylovlarda qoʻllab-quvvatladi.
Dastlabki hayoti va karyerasi

Klinton 1946-yil 19-avgustda Arkansas shtatining Hope shahrida Julia Chester shifoxonasida dunyoga kelgan. Tugʻilgan paytida ismi Uilyam Jefferson Blayt III boʻlgan. Otasi Uilyam Jefferson Blayt Jr. oʻgʻli tugʻilishidan uch oy avval avtomobil halokati tufayli vafot etgan. Onasi — Virjiniya Dell Kessidi (keyinchalik Virjiniya Kelli). Ular 1943-yil 4-sentyabrda turmush qurishgan. Virginia oʻgʻli Bill tugʻilganidan soʻng, hamshiralikka oʻqish uchun Billni ota-onasi Eldrij va Edit Kessidiga tashlab, Yangi Orleanga ketadi va Billni ota-onasi Eldrij va Edit Kessidiga tashlab ketadi. Billning bobosi va buvasi boʻlmish Kessidilar Hope shahrida oziq-ovqat doʻkoniga egalik qilishib, uni yurgizishgan Ular AQSh janubida irqchilik ketayotgan bir davrda barcha irqdagilar uchun mahsulotlarini kredit asosida berishgan.. 1950-yili Billning onasi hamshiralik maktabidagi oʻqishdan qaytib kelgach, Rojer Klinton Sr.ga turmush quradi. Rojer Arkansas shtatining Xot-Springs shahrida akasi Erl T. Riks bilan birga avtomobil sotadigan firmaga egalik qilgan. Shunday qilib, oila 1950-yili Xot-Springsga koʻchib oʻtgan.
Bill qisqa fursatda oʻgay otasini familiyasini oldi. Klinton oʻgay otasini muntazam ravishda onasini va oʻgay ukasi Rojer Klinton Jr.ni uradigan qimorboz va piyonista sifatida tasvirlaydi. Bill ularni himoya qilganda koʻp marota oʻgay otasi unga kuch ishlatishi bilan tahdid qilgan.
Xot-Springsda Klinton St. Johnʼs katolik boshlangʻich maktabi, Ramble boshlangʻich maktabi va Xot-Springs oʻrta maktabida oʻqigan va u yerda faol oʻquvchilar lideri, gʻayratli kitobxon va musiqachi boʻlgan Oʻquvchilik yillarida saksofon ham chalgan.
Klintonning hayotidagi ikki hodisa uning jamoat arbobi boʻlish qaroriga muhim taʼsir oʻtkazgan boʻlib, ularning ikkalasi ham 1963-yilda sodir boʻlgan. Birinchisi, Boys Nation senatori sifatida prezident Jon F. Kennedi bilan uchrashish uchun Oq uyga tashrifi boʻlgan Ikkinchisi, Martin Luter King Jr.ning „I Have a Dream“ („Menda orzu bor“) nomli nutqini televizor orqali tomosha qilgani boʻlgan, ushbu nutq uni shunchalik lol qoldirganki, keyinchalik uni yod oladi...
Saylov tarixi
| Yil | Lavozim | Yurisdiksiya | Demokratlar | Respublikachilar | Boshqa | |||
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| 1974 | Arkansas 3-okrug | Arkansas | Bill Klinton | 48 % | Jon Pol Xammershmidt | 52 % | ||
| 1976 | Arkansas bosh prokurori | Arkansas | Bill Klinton | Lavozim yoʻq | ||||
| 1978 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 63 % | Linn Lou | 37 % | ||
| 1980 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 48 % | Frenk Uayt | 52 % | ||
| 1982 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 55 % | Frenk Uayt | 45 % | ||
| 1984 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 63 % | Vudi Frimen | 37 % | ||
| 1986 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 64 % | Frenk Uayt | 36 % | ||
| 1990 | Arkansas gubernatori | Arkansas | Bill Klinton | 57 % | Sheffild Nelson | 42 % | ||
| 1992 | AQSh prezidenti | AQSh | Bill Klinton | 43 % | Jorj G. U. Bush | 37 % | Ross Perot (I) | 19 % |
| 1996 | AQSh prezidenti | AQSh | Bill Klinton | 49 % | Bob Doul | 41 % | Ross Perot (Reform) | 8 % |
Kitoblari
- Putting People First: How We Can All Change America. New York: Three Rivers Press, 12-sentabr 1992-yil. ISBN 978-0-8129-2193-9.
- Between Hope and History. New York: Times Books, 1996. ISBN 978-0-8129-2913-3.
- My Life, 1-, New York: Vintage Books, 2004. ISBN 978-1-4000-3003-3.
- Giving: How Each of Us Can Change the World, 1-, New York: Knopf, 2007. ISBN 978-0-307-26674-3.
- Back to Work (book), 1-, New York: Knopf, 2011. ISBN 978-0-307-95975-1.
- The President Is Missing, 1-, Knopf, 2018. ISBN 978-0-316-41269-8.
- The President's Daughter, 1-, Knopf, 2021. ISBN 978-0-316-54071-1.
